Skip to content
Home
Home
Who we are
What we do
Get the book

Yoki buyruqlar, yoki shartnomalar

Dan Sanches

Lyudvig fon Mizesning ikki turdagi jamiyati

«Ijtimoiy hamkorlikning ikki xil turi bor, ­– deb yozgan Lyudvig fon Mizes,­ – biri shartnomaga (ixtiyoriy kelishuv va o'zaro munosabatga), ikkinchisi gegemonlikka (buyruq va bo'ysunishga) asoslangan». Shaxslar «shartnomaviy majburiyatlar» yoki «gegemonlik majburiyatlar» orqali birlashishi mumkin.

Bu farq ko'plab ijtimoiy nazariyotchilar tomonidan tan olingan. O'zining «Inson faoliyati» kitobida Mizes shunday yozadi:

«Buni [Adam] Fergyuson jangovar va savdogar davlatlar o'rtasidagi kontrast sifatida; [Anri de] Sen-Simon esa antagonistik va tinchliksevar yoki sanoat millatlar o'rtasidagi kontrast sifatida; Gerbert Spenser shaxsiy erkinlikni qo'llab-quvvatladigan va jangovar jamiyatlar o'rtasidagi qarama-qarshilik sifatida; [Verner] Sombart qahramonlar va savdogarlar o'rtasidagi kontrast sifatida ta'riflashgan».

Mizes tushuntirganidek, marksistlar va natsistlar ham shunga o'xshash ikkillamchi tizimlarni taklif qilishgan. Turli mutafakkirlar ijtimoiy tizimlar turlariga turlicha yondoshganlar, lekin ular dixotomiyani va Mizesning quyidagi «hech bir uchinchi tamoyilni tasavvur qilib bo'lmaydi yoki amalga oshirib bo'lmaydi», degan fikrini tan olganlar.

Hamkorlikning ikki qarama-qarshi tamoyili odamlarning jamiyatdagi bir-birlariga bo'lgan munosabatning ikki turini yaratadi. Buni Mizes shunday deb tushuntirgan:

«Hamkorlik shartnomaga asoslanganda hamkor qiluvchi shaxslar o'rtasidagi munosabat simmetrik bo'ladi. Ularning barchasi o'zaro ayriboshlash shartnoma tomonlaridir. Tom Jonga qanday munosabatda bo'lsa, Jon ham Tomga xuddi shunday munosabatdadir.

Hatto «Jon» «Whole Foods Market» kompaniyasi asoschisi va yaqingacha bosh direktori bo'lgan millioner Jon Makkey bo'lib va «Tom» Whole Foods kassiri bo'lganda ham, badavlat boshliq va boy bo'lmagan ishchi o'rtasidagi munosabat baribir simmetrik bo'ladi.

Jon ixtiyoriy ravishda Tomga mehnat xizmatlari evaziga ish haqi taklif qiladi, Tom esa ish haqi evaziga ixtiyoriy ravishda mehnat xizmatlarini taklif qiladi. Ikkalasi ham rozi bo'lishi va ikkalasi ham shartnomani bekor qilishi mumkin. Jon istagan paytda Tomni ishdan bo'shatishi mumkin, Tom esa istagan paytda ishdan bo'shashi mumkin. Butun qudrati va shon-shuhratiga qaramay, Jon Tomni majburan kassir bo'lib ishlashga majbur qila olmaydi.

Mizes davom etadi: «Hamkorlik buyruq va bo'ysunishga asoslangan joyda amr qiluvchi va uning amriga itoat qiluvchilar bo'ladi. Bu ikki toifadagi odamlar o'rtasidagi mantiqiy munosabat assimetrikdir. Unday joyda direktor va uning qaramog'idagi odamlar bo'ladi. Faqat direktorning o'zi qaror qabul qiladi va boshqaradi; qolganlar esa - vasiylar – shunchaki uning faoliyatidagi xizmatkorlardir».

Misol uchun, agar yuqoridagi o'rnida Jon feodal va Tom uning dehqon xizmatkori bo'lganda edi, ular o'rtasidagi munosabat juda assimetrik bo'lar edi. Jon Tomni Jonning yerlarida ishlashga majbur qilishi, shuningdek, soliq va yig'imlar orqali Tomning mulkining bir qismini musodara qilishi mumkin edi. Tomning yagona chorasi ushbu talablarni bajarish yoki halok bo'lishdan iborat bo'lar edi. Mizes yozganidek:

«Itoatkorlik yoki itoatsizlik oqibatlari o'rtasidagi tanlovga duch kelgan xizmatkor birinchisini afzal ko'radi va shu tariqa gegemon munosabatga qo'shiladi. (...)

Gegemonlik ijtimoiy jamiaytda va qo'l ostidagilarnini harakatini boshqaradigan darajada faqatgina boshliq harakat qiladi. Xizmatkorlar faqatgina itoatkorlikni tanlash yoki tanlamaslikka erkinlar, lekin itoatkorlikni tanlaganlaridan so'ng, ular mustaqil harakat qilmaydilar…» 

Amerika asoschilari va boshqa klassik liberallar «tenglik» g'oyasini birinchi targ'ib qilganlarida, ular teng mulk egaligini talab qilmaganlar. Ular absolyutizm, feodalizm va quldorlikni yo'q qilishga intilganlar. Ular shartnomaviy aloqalarga xos bo'lgan insoniy munosabatlar simmetriyasini qo'llab-quvvatlaganlar va gegemon aloqalarga xos bo'lgan insoniy munosabatlarning assimetriyasiga qarshi chiqqanlar.

Bunday assimetriya adolat g'oyasiga zid kelishi mumkin. Ammo gegemon jamiyatlar nafaqat ko'rimsiz, balki ahmoq hamdir. Faqat boshliq boshqarsa, faqat boshliq fikr qiladi. Odamlar chorva kabi turkilansa, ularning aqli behuda sarf bo'ladi. Ularning ijodkorligi, mulohazakorligi, noyob iste'dodi va mahalliy bilimlaridan hayotning ko'plab imkoniyatlarini yuzaga keltirish va muammolarini hal qilish uchun foydalanilmaydi.

Faqatgina shartnomaviy jamiyatlar Julian Simon «asosiy resurs» deb atagan inson ongidan katta miqyosda to'liq foydalanishi mumkin. Faqatgina markazlashmagan ixtiyoriy hamkorlik ommaning ijodiy hissalarini muvofiqlashtirishi mumkin.

Shuning uchun, Mizes aytganidek, ilg'or tsivilizatsiya «shartnomaviy muvofiqlashtirish namunasi asosida hamkorlik qilganlarning» yutug'idir. Jamiyatning jangovar va qashshoq vahshiylikdan tinch va farovon tsivilizatsiya sari tarixiy taraqqiyoti amrlar o'rnini shartnomalarga, majburiy gegemonlik o'rnini ixtiyoriy uyg'unlikka bo'shatish tarixidir.

Ushbu maqola Dan Sanches va The Foundation for Economic Education tomonidan taqdim etilgan bo'lib, undan xalqaro litsenziyaga muvofiq foydalanilgan. Original versiyasini ushbu linkda o'qishingiz mumkin.

 

Maqola bilan bo'lishing