99 sentlik ananasning global bozor mo’jizasi
Har yili bir necha marta mahallamdagi oziq-ovqat do’koni yangi ananaslarni 99 sentdan reklama qiladi. Sizning do’koningiz ham shunday aksiya qilib tursa kerakdir. Men har gal reklamani ko’rganimda insoniyat taraqqiyotidan hayratga tushaman.
Ananas yangilik emas. Uni birinchi bo’lib ming yillar oldin Janubiy va Markaziy Amerikada mayyalar va atsteklar yetishtirgan. Tainolar eramizdan avvalgi 250-yillarda Karib dengiziga ko’chib kelganlarida o’zlari bilan ananasni olib kelishgan. Yevropaliklar va Shimoliy Amerikaliklar bu tillarang shirinlikni mustamlakachilik va o’zi bilan turli madaniyatlar va milliy oshxonalarning ta’sirini olib kelgan Kolumbus almashinuvigacha tatib ko’rishmagan. Xuddi shu qisqa vaqt ichida Yangi Dunyoning mahsulotlari Yevropa xalqlariga olib kelindi va ular shunchalik darajada o’zlashtirildiki, bugunda biz uchun bu odatiy hol bo’lib qolgan: irlandiyaliklar o’zlarining birinchi kartoshkasiga yetishdilar; italiyaliklar – birinchi pomidorlariga.
Ananas Yevropa va Shimoliy Amerikaga birinchi marta olib kelinganida u hayratlanarli darajada qimmat edi. Karib dengizidan muzlatgichsiz jo’natilgan, bo’lib, u tez buzilar va ezilar edi. Bitta ananasning narxi 8000 dollargacha (bugungi kundagi dollarda) yetishi mumkin edi.
Ananaslar ko’pincha soatiga ijaraga olingan bo’lib, ular juda noyob, qimmat va qadrli edi. Ular amaldorlarga sovga uchun berilgan va o’zining ekzotik noyobligi bilan mehmonlarni hayratga solish maqsadida hashamatli mehmondorchiliklarda yoki boshqa tadbirlarda dasturxonda bezak sifatida ishlatilgan. Odamlar mevani mavqe sifatida o’zlari bilan olib yurishgan yoki uni turli shakllarga solib bezatishgan. Ular iste’mol uchun juda qimmatli edi. Faqatgina meva pishib o’tib ketganidan keyin yoki bir-necha matra ijaraga berilganidan keyin kimdirgadir uni ta’tib ko’rish nasib etishi mumkin edi.
Ananas boylik va hashamat bilan shunchalik bog’liq ediki, idishlar, matolar, mebellar va arxitektura tez orada ananas motivlarini aks etdi. Mehmon dasturxoniga tortilgan ananas mezbonning qo’li ochiqligini bildirgani sababli, uning xarakterli shakli ko’pincha mehmonlar uchun ishlatiladigan buyumlarda (ko’rpa-to’shaklar, qo’l sochiqlari, shamdonlar, kirish eshiklari) paydo bo’lib, bu mehmondo’stlikdan dalolat berardi.
Tez aynidigan mevani sevuvchilar ekvatorial plantatsiyalarga yaqin joylarda barqarorroq shaklda saqlangan ananas mahsulotlarini ta’tib ko’rishlari mumkin edi. Kristallangan yoki quritilgan ananas va ananasdan tayyorlangan likyor mahsulotlari o’rta sinf qatlarmlarining retcept kitoblariga kira boshladi.
Mo’’tadil Yevropada ananas yetishtirish haqiqiy qishloq xo’jaligi faoliyatidan ko’ra ko’proq elita hobbisi edi. Birinchi urinishlar mavsumda bir hovuchgina ananas yetishtirish uchun ko’p mehnat va katta xarajatlarni talab qilar edi. 1723-yilda Chelsi bog’larida namuna yetishtirish uchun pechka bilan isitiladigan katta issiqxonalar talab qilingan. Versaldagi saroy bog’bonlari esa uni o’n yildan keyin yetishtirishga muvaffaq bo’lishgan. Keyingi 70 yil ichida ingliz aristokratlari o'zlarining qishloq yerlarida isitiladigan shishali «qarag’ay o’rmonlari» qurishgan, ammo ularning aksariyati meva yetishtirishda muvaffaqiyat qozonmadi.
18-asrning boshlarida ananas yetishtirish o’sha paytda Britaniya tomonidan da’vo qilingan Yamaykadagi plantatsiyalarga ko’chdi, u yerda qul qilingan afrikaliklar o’ta og’ir sharoitlarda mevalarni yetishtirgan va hosil yig’ishgan.
Tijorat darajasida ishlab chiqarish Gavayida ham muvaffaqiyatli bo’ldi, arzonroq yer va ishchi kuchi hisobiga u yerda ishlab chiqarish xarajatlari past edi. Eksport uchun meva ekish va yig’ib olish istagida Yevropa va Osiyodan muhojirlar kelishdi, bu esa mahalliy Gavayiliklarga qimmatga tushdi.
Ananas ba’zi boshqa mevalar kabi uzilganidan keyin pishishni va shiraliroq bo’lishni davom etmaydi, shuning uchun homligida uzilsa (transport qilinish uchun), u bemaza bo’lib qoladi. Qisqa muddatda transport qilish mevaning katta qismini yaroqli holda yirik bozorlarga yetkazib berish imkonini berdi, bu esa ba’zi hududlarga, jumladan, Gavayiga qo’shimcha raqobatdosh ustunlik berdi.
19-asrning oxiriga kelib kimdir ananas o’sadigan joyga ilg’or konserva texnologiyasini olib kelishi kerak edi. Bir nechta firmalar bunga urinib ko’rishdi. Nihoyat, mevalar juda ko’p buzilmasdan va aynimasdan yangi uzilgandek yetkazib berilishi mumkin bo’lib qoldi. Ammo AQSHhning Gavayi tovarlariga qo’yilgan yuqori tariflari konserva zavodlarining daromad olishini qiyinlashtirdi. Birinchi kirib kelgan firmalar birin-ketin yopilib ketdi.
1898-yilda AQSh Gavayi orollarini anneksiya qildi va ko’p o’tmay u yerga 22 yoshli Jeyms Doul ismli tadbirkor ko’chib keldi. U ananas yetishtirish bo’yicha mohir edi, lekin o’sha sharoitda boshqa iloji ham yo’q edi. Uning ananaslar po’stlog’ini tozalash va qayta ishlash mexanizatsiyasi (uning mashinalari har daqiqada taxminan 100 ta ananasni tozalay olar edi) va AQSH bilan avvalgilariga qaraganda yaxshilangan savdo aloqalar uni «Ananaslar qiroli»ga aylantirdi.
Qisqa vaqt ichida Gavayi bozordagi (ayniqsa, ananas marketingida) hukmronligi shu qadar oshdiki, biz endi tarkibida ananas qo’shilgan mahsulotlar turiga qisqacha qilib «Gavayi» degan sifatdoshni qo’shamiz. Ishlab chiqarishining eng cho’qqisida Gavayi dunyodagi ananaslarning 80 foizini ishlab chiqargan; hozir esa bu raqam 10 foizdan kam. Dole Food kompaniyasi dunyodagi eng yirik ananas ishlab chiqaruvchilardan biri bo’lib qolmoqda va uning birinchi plantatsiyasi sayyohlar uchun diqqatga sazovor joyga aylangan. Bu yer turizm asosiy sanoat bo’lgan shtatda ikkinchi eng ko’p tashrif buyuriladigan manzil hisoblanadi – eng ko’p tashrif buyuriladigan diqqatga sazovor joy bu Pearl Harbordagi Ikkinchi Jahon urushi yodgorligidir.
So’nggi 20 yil ichida ananas ishlab chiqarish Kosta-Rika, Indoneziya, Tailand va Filippin kabi qulay iqlimli va past xarajatli joylarga ko’chdi. Ba’zilar uchun plantatsiyalardagi ish haqi past bo’lib tuyulsa-da, ananas yetishtirish va qayta ishlashni tanlaganlar uchun bu odatda eng yaxshi variantdir (mustamlaka va qullik o’tmishi haqida bunday deb bo’lmaydi, chunki mevalar sog’lom fikrga zid ravishda bir necha baravar qimmat edi).
Bugungi kunda ananas savdosi yuqori darajada sanoatlashgan. Mevani pishiruvchi kimyoviy moddalar - pishgan banandan chiqadigan ayni kimyoviy moddalar - hosilga bir hafta oldin qo’shiladi. Kemalar, samolyotlar va yuk mashinalaridagi muzlatgichli yuk konteynerlari butun ananaslarni dunyo bo’ylab ezmasdan yoki chiritmasdan minimal zarar bilan yetkazib berish imkonini beradi. Oziq-ovqat do’konlarida ananasning butun, po’stlog’i olingan, tayyorlangan, konservalangan va quritilgan shakllari bo’yicha katta savdo bo’ladi. Agar ananasga hushingiz kelib qolsa, dunyoning deyarli istalgan joyida uni bir dollardan kamroq narxda sotib olishingiz mumkin.
Bir paytlar ananas qimmatbaho mahsulot bo’lgan bo’lib, bugunda (ishlab chiqarish jarayonlarining takomillashishi, ixtisoslashuv va ananas yetishtirilishi qulay iqlimlarga ko’chgani tufayli) unga deyarli hammaning qurbi yetadi. Oldinlari eng hashamatli bo’lgan mahsulotlar oddiy va arzon bo’lib qolganda biz doimo ixtisoslashuv va bozor innovatsiyasiga minnatdorchilik bildirishimiz kerak.
Ushbu maqola Laura Williams va American Institute for Economic Research tomonidan taqdim etilgan bo’lib, undan Creative Commons Attribution 4.0 xalqaro litsenziyaga muvofiq foydalanilgan. Original versiyasini ushbu linkda o’qishingiz mumkin.