Skip to content
Home
Home
Who we are
What we do
Get the book

Velyur pardalar va Misesning hikmatlari

Kimberlee Josephson

Qayerga qarashni bilsak, iqtisodiy tamoyillarning atrofimizda amal qilishini ko’ramiz

Mening eng yaxshi xarajatim pushti velyur pardalar uchun bo’lgan. 2003-yil edi, o’shanda men sotib olish qobiliyati juda cheklangan va chet elda, Angliyada yashash uchun butunlay tajribasiz bo’lgan talaba edim. Men ikki sinfdoshim bilan Buyuk Britaniyaga kelganimda boshpana uchun hech qanday kafolat yo’q edi, lekin yoshlikda hamma narsaning yo’lini topa oladigandek o’zini his qiladi odam.

Narxi juda baland tuyulgani uchun oldinroq men yagona variant bo’lmish universitet yotoqxonasidan voz kechgan edim va bunga yana ikki talabani ham ko’ndirgandim. Juda uzoq sayohat va ko’p qidiruvlardan so’ng biz kvartira topdik va ustama xarajatlarni ancha kamaytirdik. Biroq, qarorimiz tufayli kampusdan uzoq masofada turganimiz uchun jamoat transporti kabi boshqa qo’shimcha xarajatlar bor edi.

Shahar chekkasida joylashganimiz ijara arzonligining sabablaridan biri bo’lsa, yana bir sabab xonadonda bir-nechta mebeldan tashqari hech narsa – televizor, internet, idishlarni yuvish mashinasi, kir yuvish mashinasi ­– yo’qligi edi. Bundan tashqari, universitet yotoqxonasi ta’minlaydigan choyshablar kabi asosiy ehtiyojlar ham yo’q edi.

Gapim pushti pardalarga aylanib keldi. Kechalari sovuq edi, lekin chamadonimdagi joy cheklanganligi tufayli sayohat tugagach o’zim bilan olib ketolmaydigan yangi ko’rpaga pul sarflashga ko’zim qiymadi. Men sotib oladigan hamma narsa funktsional, lekin ayni tashlab yuboradigan bo’lishi kerak edi. Shuning uchun ko’rpa, choyshab izlash o’rniga, meni shunchaki isitib turadigan narsalarni qidirdim. Men foydalilikka - u nima bo’lishidan ko’ra, nima vazifa bajarishiga e’tibor qaratdim. «Titanik» filmini ko’rgan har bir kishi Keyt Uinsletning qahramonini qutqaruv qayig’i saqlab qolmaganini biladi; uni eshik saqlab qoladi - unga shunchaki suzadigan narsa kerak bo’lgan.

Xarid qilish qobiliyatimiz yuqori bo’lganda, biz odatda istagimiz, didimiz va maqomimizga ko’ra pul sarflaymiz. Biroq, pul kamayganda, biz ko’pincha asosiy ehtiyojlarga e’tibor qaratamiz va bu ijobiy narsa bo’lishi mumkin! Funktsionallik uchun xarid qilganda, biz yo’l izlab topishga harakat qilamiz, kamroq isrofgar bo’lamiz va sarf-xarajatlar va tejash borasida haqiqatan ham strategik yo’l izlaymiz.

Shunday qilib, 4 funt sterlingga (taxminan 4 dollar) men adyolning eng issig’ini sotib oldim – bu mahalliy ishlatilgan tovarlar do’konidan qalin pushti velyur pardalar edi. Ularni landromatda yuvish bir necha funt sterlingga qimmatga tushsa-da, men xaridimdan juda xursand edim. U arzon edi, funktsiyasini bajarar edi va o’sha qaltirab chiqadigan kechalar uchun ajoyib bir yechim edi.

Endi, qachonki katta xaridlar uchun ijodiy yondoshish to’g’ri kelsa, men o’sha pardalarni eslayman. Va bu uslub menga yaxshi xizmat qilib keldi, chunki mening shunday pulni tejash strategiyalarim Karl Mengerning Avstriya iqtisodiyoti yo’nalishi va Lyudvig fon Mizesning prakseologiyaning qo’llanishiga mos kelishini hisobga olsak, bu ajablanarli emas.

Xo’sh, Avstriya tafakkur maktabidan qanday xulosalar chiqarish mumkin? Quyida asosiy fikrlardan ba’zilari:

  1. Tovarlar va xizmatlarning iqtisodiy qiymati sub'ektivdir: men pardalarni derazaga osib qo’yish mumkinligi uchun emas, balki ularning issiqligi va vazni uchun qadrladim.
  2. Muqobil xarajatlar ahamiyatga ega: men kvartiramdagi qulayliklar uchun katta miqdorda pul sarflashni qadrlamagan bo’lsam-da, pulimning katta qismini ekskursiyalarga va Yevropani aylanishga sarflashni qadrladim. Yashash xarajatlarini tejash orqali men safarlarga ko’proq pul sarflashim mumkin edi.
  3. Resurslar taqchilligi ijodkorlikni rag’batlantirishi mumkin: agar kvartiram to’liq jihozlangan va barcha ehtiyojlarimni qondirganida edi, men boshqa yo’l izlab o’ylab topishimga to’g’ri kelmas edi.
  4. Bozor haqiqatdan ham tadbirkorlik jarayonidir (bu – ko’pgina avstriyalik iqtisodchilarning firkri), biz esa tadbirkor mavjudotlarmiz. Variantlar yaqqol yoki cheklangan bo’lganda, hech qachon ko’nmang. Agar men universitet yotoqxonasini tanlaganimda edi, men juda ko’p ajoyib xotiralar va xarakterni shakllantirish tajribasidan (masalan, vannada kir yuvishni o’rganish, yoki tramvay buzilib qolib, yurishga majbur bo’lganda adashib qolmaslik, yoki televizor tomosha qilish o’rniga qiziqarli suhbatlarni qadrlash) mahrum bo’lardim.

Oxir-oqibat, qiymat har xil bo’lishi mumkin, lekin siz haqiqatan ham ehtiyojni qondiradigan xariddan hech qachon afsuslanmaysiz, ehtiyoj qondirilishini esa iste’molchi hal qiladi. Iste’molchi kapitalistik tizimda haqiqatan ham mustaqildir va buni Mizes o’zining 1944-yildagi Byurokratia maqolasida ko’rsarib bergan:

«Kapitalistik bozor iqtisodiyoti tizimida haqiqiy xo’jayin iste’molchilardir. Ular xaridlari va xariddan voz kechishlari orqali kapitalga kim egalik qilishi va zavodlarni kim boshqarishi kerakligini hal qiladi. Ular nima, qanday miqdorda va sifatda ishlab chiqarilishini belgilaydi. Ularning hatti-harakati tadbirkorga foyda yoki zarar olib keladi. Ular kambag’alni boy va boyni kambag’al qiladi.

Iste’molchilar shafqatsizdir. Ular hech qachon samarasizroq ishlab chiqaruvchiga foyda keltirish va uni yaxshiroq boshqarish muvaffaqiyatsizligi oqibatlaridan himoya qilish uchun xarid qilmaydilar. Ular imkon qadar yaxshi xizmat olishni xohlashadi. Kapitalistik tizim jarayoni esa tadbirkorni iste’molchilar buyrug’iga bo’ysunishga majbur qiladi.

Iste’molchilar qattiqqo’l xo’jayinlardir. Ular injiqlik va fantaziyalarga to’la, ular o’zgaruvchan bo’ladi va ularni oldindan aytib bo’lmaydi. Ular o’tmishdagi yutuqlaringizga ahamiyat bermaydi. Yaxshiroq yoki arzonroq narsani taklif qilinishi bilanoq, ular eski ta’minlovchilaridan voz kechadi. Ular uchun qoniqishdan ko’ra muhimroq narsa yo’q. Ular iste’molchi sifatida xarid qilib yurgan narsalarni sotib olishdan to’xtatganda, ularni kapitalistlar tikkan manfaati ham, ishini yo’qotadigan ishchilar taqdiri ham qiziqtirmaydi».

Ushbu mavzular kundalik hayotda qanchalik tez-tez namoyon bo’lishi ajablanarli. Iqtisodiyot haqiqatan ham atrofimizdadir.

Ushbu maqola Kimberlee Josephson va The Foundation for Economic Education tomonidan taqdim etilgan bo’lib, undan Creative Commons Attribution 4.0 xalqaro litsenziyasiga muvofiq foydalanilgan. Original versiyasini ushbu linkda o’qishingiz mumkin.

Maqola bilan bo'lishing