Element 1.1
Rag'batlar ahamiyatga ega
Manfaat va xarajatlardagi o'zgarishlar tanlovlarga kutilganidek ta'sir ko'rsatadi.
Butun iqtisodiyot bitta oddiy printsipga tayanadi: manfaatlarning o'zgarishi inson hatti-harakatiga kutilganidek ta'sir etadi. Rag'batga ham pullik, ham pulsiz omillar ta'sir ko'rsatadi. Agar biror tovar qimmatlashsa, odamlarning uni tanlash ehtimoli kamayadi. Shunga mos ravishda, tanlovdan kelib chiqadigan manfaat oshsa, odamlarning uni tanlash ehtimoli oshadi. Gohida iqtisodiyotning asosiy postulati deb ataluvchi ushbu oddiy g'oya juda kuchli asbob hisoblanadi, chunki u deyarli barcha faoliyatimizda qo'llaniladi.
Odamlarning biror tanlovni tanlash ehtimoli uning qimmatlashgani sari kamayadi. Ushbu g'oyaning ma'nosi to'g'risida o'ylab ko'ring. Uchrashuvga kechikayotgan kishining yo'ldan do'stinikiga tashrif buyurish ehtimoli kamayadi. Sovuq va yomg'irli kunda kamroq odamlar piknikka chiqadi. Narxlarning oshishi sotilgan tovarlar miqdorini kamaytiradi. Ta'tildan bir kun oldin kollejda davomat odatdagidan pastroq bo'ladi. Har bir holatda uning talqini bir xil: tanlov qimmatlashgani sari u kamroq tanlanadi.
Xuddi shunday, agar tanlovdan kelib chiqadigan manfaat oshsa, odamlarning uni tanlash ehtimoli oshadi. Ko'chada yurgan kishi yerda yotgan centdan ko'ra yevro yoki dollarni olishi ehtimoli ko'proq. Agar biror dars mavzusining imtihonda bo'lishi ma'lum bo'lsa, talabalar ushbu darsda diqqatliroq bo'ladilar. Mijozlar arzon, yuqori sifatli xizmat ko'rsatuvchi va qulay manzilda joylashgan do'konlarda ko'proq xarid qiladilar. Ishchilar xizmatlariga yarasha rag'batlantirilsa, ular qattiqroq va samaraliroq ishlaydilar. Bu natijalarning barchasi oldindan ma'lum bo'lib, ular iqtisodiyotning «rag'batlar ahamiyatga ega», degan postulatini shunchaki aks ettiradi.
Ushbu asosiy postulat bozor narxlarining o'zgarishi rag'batlantirishga qanday ta'sir etishi va shu orqali xaridor va sotuvchilar faoliyatini bir-biriga muvofiqlashtirishini tushuntiradi. Agar xaridorlar biror tovarni ishlab chiqaruvchilar sotishga bo'lgan istagidan (yoki imkoniyatidan) ko'proq sotib olishni istasalar, unda uning narxi tezda oshadi. Narx oshgan sari sotuvchilarning tovarni sotishga bo'lgan ixtiyori oshadi, shu bilan birga xaridorlar uni kamroq xarid qiladilar. Bu jarayon yuqori narxlar talab va taklif miqdorini muvozanatga olib kelgunicha davom etadi. Ana shu nuqtada narxlar barqarorlashadi.
Agar buning aksini ko'zatsakchi, ya'ni sotuvchilar xaridorlarning sotib olishni istagan miqdoridan ko'proq ta'minlashni istasa, unda nima bo'ladi? Agar sotuvchilar hamma tovarlarini joriy narxda sota olmasa, unda ular narxni pasaytirishiga to'g'ri keladi. O'z navbatida, pastroq narxlar odamlarni ko'proq xarid qilishga rag'batlantiradi, biroq shu bilan birga ishlab chiqaruvchilarni yanada ko'proq ishlab chiqarishdan ogohlantiradi, chunki yangi, pastroq narxda mahsulot bilan ta'minlash ularga uncha ma'qul emas. Avvalgidek, narxlarning o'zgarishi xaridorlar talab qilgan miqdorni ta'minotchilar ishlab chiqargan miqdor bilan muvozanatga keltiradi. Mazkur bosqichda narxlarning o'zgarishiga boshqa bosim bo'lmaydi.
Masalan, ob-havoning noqulay kelishi sababli 2014-yilning yozida AQSHning Jorjiya shtatidagi shaftoli narxi oldingi yilga nisbatan 180% ga yaqin oshib ketdi. Narxlarning keskin oshib ketishiga qaramasdan, iste'molchilar shikoyat qilmadilar. Nega? Narxlarning ko'tarilishi natijasida shaftoli sotib olish xarajatlari oshganligi sababli aksariyat iste'molchilar shaftoli o'rnini to'liq yoki qisman boshqa mevalarga o'zgartirgan hamda qishki murabbolarni nok va behilardan tayyorlashgan.
Bundan tashqari, yuqori narxlar xaridorlar singari sotuvchilarga ham ta'sir ko'rsatdi. Shaftoli yetkazib beruvchi dehqonlar yangi daraxtlar ekdilar. Boshqa dehqonlar esa olma va nok bog'larini chopib tashlab, o'rnida shaftoli daraxtlari ekdilar. Nihoyatda, 2 yildan so'ng (yangi ekilgan daraxtlar hosilga kirganda) shaftoli ta'minoti oshib, uning narxi pasaydi.
Rag'batlar siyosiy tanlovlarga ham ta'sir etadi. Odamning ovoz berish kabinetidagi tanlash bilan bog'liq harakati uning savdo markazidagi tanlash bilan bog'liq hatti-harakatidan katta farq qiladi deb o'ylashga asos yo'q. Ko'p holatlarda ovoz beruvchilar ularga eng ko'p sof shaxsiy manfaat keltirishiga ishongan siyosiy nomzodlar va siyosatni qo'llab-quvvatlaydilar. Agar kutilgan manfaatga nisbatan shaxsiy xarajatlar yuqoriroq bo'lsa, unda ular ushbu siyosiy takliflarga qarshi chiqadilar. Masalan, katta yoshli fuqarolar pensiya to'lovlarini qisqartirishni taklif qilgan nomzodlar va loyihalarga ko'p marta qarshi ovoz berganlar. 2018-yilning sentabridagi Rossiya gubernatorlik saylovlarida «Yagona Rossiya» partiyasining qoniqarsiz ishtirok etishiga pensiya to'lovlarini qisqartirish bo'yicha takliflarga bo'lgan norozilikni asosiy sabab qilib ko'rsatishadi. Shuningdek, talabalar kollejda o'qish uchun ta'lim grantlari berilishini qattiq qo'llab-quvvatlashi ovoz berish natijalaridan ma'lum.
Rag'batning muhimligini nazardan chetda qoldirib bo'lmaydi. U inson tabiatining bir qismidir. Rag'batlantirish ham ahamiyatga ega. Sobiq Sovet Ittifoqida shisha zavodining rahbar va xodimlari bir paytlar shisha listlarining ishlab chiqarilgan tonnasiga qarab rag'batlantirilgan. Ularning daromadi shishaning og'irligiga boq'liq bo'lgani bois ko'p zavodlar shishani shunchalik qalin ishlab chiqarishganki, u orqali deyarli hech narsa ko'rinmasdi. Natijada qoidalar o'zgartirilib, rahbarlarning mehnati ishlab chiqarilgan shishaning jami kvadrat metriga qarab taqdirlangan. Ushbu qoidalar ostida Sovet korxonalari shishani shunchalik yupqa ishlab chiqarishganki, u osonlik bilan parchalangan. Xuddi shunday, Polsha fabrikalariga poyabzal soniga kvota belgilanganligi va ular juda kam miqdorda charm bilan ta'minlanganligi sababli bozorda bolalar poyabzali ko'payib ketganligi ajablanarli emas.
Ba'zilar rag'batlar insonlar ochko'z va egoist bo'lgandagina ahamiyatga ega deb o'ylashadi. Bu noto'g'ri. Odamlar gohida egoistik, gohida esa g'amxo'rlik maqsadlarida harakat qiladilar. Egoist yoki altruist kishilarning tanlagan variantlariga ularning shaxsiy xarajat va manfaatlarining o'zgarishi ta'sir ko'rsatadi. Misol uchun, egoist va altruistning har ikkalasi uchun ham Dettifoss sharsharasidagi kuchli oqimda cho'kayotgan boladan ko'ra sayoz basseynda cho'kayotgan bolani qo'tqarishga urinish ehtimoli ko'proqdir. Shuningdek, har ikkalasining ham muhtoj kishiga eng yaxshi kiyimlaridan ko'ra eskisini berishi ehtimoli ko'proq.
Garchi hech kim marhum alban valine'mat Tereza onani qizg'anchilikda ayblamasada, rag'bat uning ham o'z manfaatini ko'zlab ish tutishiga ta'sir ko'rsatgan. Tereza onaning «Hayriya Missionerlari» tashkiloti Nyu York shahrida uysizlar uchun boshpana ochmoqchi bo'lganda, shahar ma'muriyati undan binoga qimmat o'zgartirishlar kiritishni talab qilgan. Shunda tashkilot ushbu loyihadan voz kechadi. Bu qaror Tereza onaning kambag'allarga bo'lgan sadoqatini o'zgartirgani yo'q. Aksincha, u rag'batning o'zgarganini aks ettiradi. Nyu Yorkdagi kambag'allarga yordam berish tannarxi oshib ketishi sababli, Tereza ona undagi resurslar boshqa joyda ko'proq foyda keltiradi, degan qarorga keladi. Qarorlarga bir tomondan qizg'anchilik va materialistik maqsadlar, ikkinchi tomondan g'amxo'rlik va altruistik maqsadlar ta'sir etishiga qaramasdan, rag'batning o'zgarishi barchaning tanlovlariga ta'sir ko'rsatadi.